Sirdaryo viloyati — Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1963-yil 16-fevralda tashkil etilgan. Shimolidan Qozogʻiston Respublikasi, sharqdan Toshkent viloyati, janubidan Tojikiston Respublikasi va gʻarbdan Jizzax viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 4.28 ming km. Aholisi 949,6 ming kishi (2026.04.01). Tarkibida 8 tuman (Boyovut, Guliston, Mirzaobod, Oqoltin, Sayxunobod, Sirdaryo, Xovos, Sardoba), 5 shahar (Guliston, Baxt, Sirdaryo, Shirin, Yangiyer) 7 shaharcha (Boyovut, Dehqonobod, Doʻstlik, Paxtaobod, Sardoba, Sayxun, Xovos) va 75 qishloq fuqarolari yigʻini bor (2004). Markazi — Guliston shahri.
Tabiati Relyefi, asosan, toʻlqinsimon tekislik boʻlib, janubidan shim.gʻarbga pasayib boradi. Mirzachoʻl dashtining bir qismi viloyat hududiga kiradi. Bal. shimubida 230 m, markaziy qismida 400–450 m, jan. va jan.gʻarbda 600–650 m. Sharqida keng Sirdaryo vodiysi joylashgan. Mezozoy va kaynozoy davrida, asosan, choʻkindi jinslarning qalin qatlami bilan qoplangan. Shoʻroʻzak, Mirzarabot, Sardoba kabi botiqlar mavjud. Tekislik qismi daryolar oqizib keltirgan yotqiziklardan hosil boʻlgan, baʼzi joylarini koʻl, botqoq va shoʻrxok yerlar egallagan. Sirdaryo viloyatida yangi kanallar, zovurlar qazilib, choʻl oʻzlashtirildi va ekin maydonlarga aylantirildi. Tekislik qismida irrigatsiya inshootlari qurilib, paxtazor, bogʻ va tokzorlar barpo qilindi. Adirlar lalmikor yerlar va yaylovlardan iborat.
Ob-havosi keskin oʻzgaruvchan va quruq. Yillik oʻrtacha temperaturasi 14°. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi shimolida —6°, janubida —2°. Qishda havo tez soviydi va temperatura —30° gacha (Gulistonda —35°) pasayadi. Baʼzan, qish oʻrtalarida havo birdaniga isib, keyin sovib ketadi. Kech koʻklamda va erta kuzda ham kora sovuq tushib oʻsimlikning oʻsish davrini qisqartiradi. Yozi quruq va issiq. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 27—29°. Yozda temperatura 32—45° gacha koʻtariladi. Koʻpincha issiq shamol (garmsel) tuproqni quritadi va oʻsimliklar rivojlanishiga yomon taʼsir qiladi. Vegetatsiya davri 218 kun. Yillik yogin 180–220 mm, asosan, qishda yogʻadi. Yozda kuchli bugʻlanish sababli yer osti suvlari yuza maydonlarning (Sharof Rashidov, Oqoltin, Guliston tumanlari) tuprogʻini shoʻr bosadi. Noyabrdan martgacha teztez esib turadigan „Bekobod shamoli“ tezligi 20–25 m/sek. (Boyovut tumanida 40 m/sek.)ga yetadi. Bahorda esadigan bu xildagi shamol unib chikayotgan gʻoʻzalarni baʼzan nobud qiladi. Keyingi yillarda ixota daraxtzorlari barpo qilindi. Tuproqlari, asosan, och tusli kuchsiz joylashgan boʻz tuproq boʻlib, kam va oʻrtacha shoʻrlangan, mexanik tartibiga koʻra, qumoq va soz tuproqlardir. Tekisliklarda shoʻrxok va shoʻrxoksimon tuproq uchraydi. Yer osti suvining chuq. 5–6 m. Shoʻroʻzak massivida, hali oʻzlashtirilmagan pastqam joylarda shoʻrxoklar keng tarqalgan. Sugʻoriladigan yerlarning 32% shoʻrlangan, 25% kuchsiz shoʻrlangan, 16% shoʻrxoklardan iborat. Oʻsimliklardan lolaqizgʻaldoq, boychechak, chuchmoma, qoqi yalpiz, ismaloq, yantoq, shoʻra, shuvoq, qoʻngʻirbosh, qoʻziquloq, tuyatovon, quyonsuyak. juzgʻun, qovul, oqquray, qiltiq, karrak, rang, iloq, betaga, qiyoq, qamish, yulgʻun, oqbosh, qushqoʻnmas, naʼmatak, mingboshi, chitir, gʻumay, pechak, saksovul, har xil butalar, jiyda, doʻlana, tol, terak, qayragʻoch, oq akatsiya, zarang, shumtol va boshqa oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan: jayra, tulki, boʻri, chiyaboʻri, qobon, jayran, nutriya, ondatra, koʻrsichqon, suvkalamush, tipratikan, yumronqoziq, kaltakesak, ilon, toshbaqa, falanga, chayon, qoraqurt; qushlardan xoʻjasavdogar, moyqut, bulduruq va boshqa bor.
Hududiy boʻlinishi thumb|right|350px Tuman nomi Tuman markazi 1 Oqoltin tumani 13 MFY,57,6 ming kishi Sardoba shaharchasi 2 Boyovut tumani 39 MFY,144,7 ming kishi Boyovut (shaharcha) 3 Guliston tumani 25 MFY,82,6 ming kishi Dehqonobod 4 Xovos tumani 27 MFY,106 ming kishi Xovos 5 Mirzaobod tumani 18 MFY,84,3 ming kishi Navroʻz (shaharcha) 6 Sardoba tumani 15 MFY,72,5 ming kishi Paxtaobod (Sirdaryo viloyati) 7 Sayxunobod tumani 19 MFY,85,6 ming kishi Sayxun 8 Sirdaryo tumani 38 MFY,141,6 ming kishi Sirdaryo (shahar)9Guliston sh 24 MFY,104,9 ming kishi 10Shirin sh 7 MFY,19,4 ming kishi 11Yangiyer sh 11 MFY,50,4 ming kishi
Tarixi Qadimgi Sirdaryo tarixi haqida maʼlumot beruvchi muhim yozma manba qad. yunon tarixchisi Arrianning „Iskandarning harbiy yurishlari“ asaridir. Bu asarda Sirdaryo „Tanais“, „Yaksart“ nomi bilan yuritiladi.
Mil. av. III—II asrlarda Oʻrta Osiyoning shimoliy rayonnlarida 5 ta mayda davlatlardan iborat Qangʻyuy davlati ittifoqi yuzaga keladi. Uning tarkibiga hozirgi Sirdaryo viloyati hududlari ham kirgan. Ushbu davrda koʻchmanchi aholining viloyat hududiga kelib oʻrnashishi yer tanqisligini yuzaga keltiradi. Natijada hozirgi Xovos tumanining gʻarbiy qismlari ham aholi tomonidan oʻzlashtiriladi. Shoʻrbuloqsoyning quyi qismida Eski Xovos yodgorligi, Shirinsoyning quyi qismida Munchoqtepa yodgorligi qad koʻtaradi.
Sirdaryo viloyati hududi ilk bor alohida oʻlka— Ustrushona sifatida Beyshi, Suyshi va Tanshu kabi Xitoy yilnomalarida tilga olinadi. Undan oldingi manbalarda Sharqiy Sao (suvi yoʻq) deb yuritiladi. Uning bunday nomlanishi hududda qoʻshni Choch va Sugʻddan farqli ravishda daryolarning koʻp boʻlmaganligi bilan izoxlanadi. Nisbatan oʻlkaning toʻlaroq nomlanishi Tanshu yilnomalarida („Shuaydushana“, „Suydushana“ nomlari bilan) berilgan. Tan imperatorlari saroyida oʻlka nomi, shuningdek, Layviy (magʻrurligini sezgan holda boʻysunmoq) deb ham yuritilgan. Viloyat qad. aholisining tili sugʻd tiliga oʻxshash tilda soʻzlashuvchi Sirdaryo va Amudaryo oraligʻida yashagan aholi tiliga yaqin boʻlgan. Xan davri yozma manbalarida Dovon (Fargʻona)dan to Ansi (Baqtriya)gacha boʻlgan hudud aholisi turli shevalarda gaplashsalarda, birbiriga yaqin tidda gaplashganlar va oʻzaro birbirini tushunganlar deyiladi.
Mil. VI asrda Turk xoqonligi davrida mahalliy aholining turk qabilalari bilan munosabatlari rivojlanadi. Qudaandachilik munosabatlari oʻrnatiladi. Ustrushona afshini Xasan ibn Haydar turk lashkarboshisining qiziga uylangan. VIII asrga oid Xitoy yozma manbasi Syuandzanda yozilishicha, oʻlka „Sutulisen“ deb nomlanadi. Shuningdek, unda shim.gʻarbda katta choʻl (Mirzachoʻl) joylashganligi, oʻlka hukmdori Bosi togʻi (Turkiston togʻ tizmasi)ning shim. yon bagʻrida yashaganligi haqida maʼlumotlar bor. Oʻlkada zarb qilingan VI—VIII asrlarga oid tangalar Ustrushonaning ilk hukmdorlari Chirdmish, Satagari, Raxang haqida maʼlumot beradi.
Hokimiyat shu davrda otadan bolaga oʻtgan. VIII asr boshida Ustrushonaga arablar bostirib kirgan. Ustrushona arab va Tan sulolasi oʻrtasidagi kurash maydoniga aylangan. 749 yilda xitoyliklar yurish qilgan boʻlsa, 751 yilda Ustrushonani arablar bosib olgan. Fakatgina IX asr boshlaridan Haydar ibn Qavus arab xalifasi xizmatiga kiradi.
893 yilda afshinlar sulolasi agʻdarib tashlanib Ustrushona Somoniylar davlati tarkibiga kiritshshi. Oʻrta asrlardagi Ustrushona haqida birmuncha toʻliq maʼlumotlar arab yozma manbalarida mavjud. Ularda aytilishicha, oʻlka hududi Xoʻjanddan Samarqandgacha, Sirdaryo daryosi va Mirzachoʻldan to Hisor tizma togʻlarigacha boʻlgan. Istaxriy (X asr) maʼlumotiga koʻra, Ustrushonaning koʻpgina qismini togʻlar egallagan boʻlib, unda „kemalar suzishi mumkin boʻlgan daryo ham, koʻl ham yoʻq“. Havkalga binoan, Movarounnaxrning boshqa viloyatlari qatori Ustrushona ham qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan ajralib turardi. Bu mahsulotlar viloyat tashqarisiga, jumladan, Xoʻjandga chiqarilgan. Ayrim shaharlarda bozorlar boʻlgan. Ustrushonaliklarning fahri Mink va Marsmandada ishlab chiqarilgan temir qurollar boʻlib, ular Xurosonda ishlatilgan va Iroqqacha shu qurolyarogʻ bilan qurollanganlar. Ustrushona poytaxti Bunjikat sh. boʻlgan. Oʻrta Osiyodagi boshqa davlatlar qatori Ustrushona ham keyingi hayotida qoraxoniylar, moʻgʻullar, temuriylar, shayboniylar va boshqa davlatlari tarkibidagi tarixiy davrlarni boshidan kechirgan.
Qadimgi viloyat axoliyey, asosan, soy va chashmalar boʻylarida vohavoha boʻlib hayot kechirishgan. Viloyat hududida Xoʻjamushkentsoy, Shoʻrbuloqsoy, Mugʻolsoy, Tagobsoy, Sarmichsoy singari suv manbalari boʻlgan. Suv balansining buzilishi manzilgohlarning yoʻq boʻlib ketishiga yoki boshqa joyga koʻchib oʻtilishiga olib kelgan.
Sirdaryo viloyatida qadimgi kanallarning izlari, sardobalar mavjud. 70 km uzunlikdagi Oʻrinboyoʻgʻiz, Iskandarariq, Buxoroariq juda qad. kanallardir. XV asrda Shohrux va Ulugʻbek Sirdaryodan Mirzachoʻlga kanal orqali suv chiqartirgan. Keyinchalik Mirzachoʻlning janubi-sharqida Boʻzariq, Sirdaryoning oʻng tomonida Dalvarzinariq barpo etilgan. Qiyot koʻli yonida Sirdaryodan suv oladigan mayda ariqlar boʻlgan. 1872-yilda Bekobod yonida Kaufman kanali (13 km), 1878—82 yillarda Toʻngʻizariq (6 km) qazildi. 1883—85 yillarda Iskandarariq va Buxoroariq qayta kavlandi. 1891—95 yillarda Farhod togʻi yonida maxsus toʻgʻon (Shohtoʻgʻon) qurildi. 1896-yilda hozirgi Doʻstlik kanali qazilib Mirzachoʻlning ichkarisiga suv yuborildi. 1897-yilda Mirzachoʻlda birinchi marta 6 ga yerga paxta ekildi. 1899-yilda 8 ming ga, 1907-yilda 9,09 ming ga, 1910-yilda 12,2 ming ga, 1915-yilda 34,5 ming ga yer sugʻorilib, 19 ming ga yerga paxta ekildi. 1926-yilda 180 km ariq va kanallar qazildi, sugʻoriladigan maydonlar 53 ming gektarga yetdi, 1927-yilda 60 ming ga (shundan paxta 27 ming ga), 1929-yilda 68 ming ga, 1934-yilda 134 ming ga, 1938-yilda 154 ming ga (shundan paxta 40 ming ga) yer sugʻorildi. 1942-yilda 180 ming ga yer (shundan 70 ming ga yer paxta) sugʻorildi. 1943—48 yillarda Farhod GES, bosh toʻgʻon Doʻstlik kanaliga tutashtirildi. Boyovut kanali va Farxrd suv ombori qurildi. Natijada Mirzachoʻlning jan. qismi va Dalvarzin choʻlini sugʻorish masalasi hal qilindi. 1956—59 yillarda Qayroqqum suv ombori va GES (quvvati 126 ming kVt) qurildi. 1956-yillarda sugʻoriladigan yerlar maydoni 280 ming gektar yerga yetdi. 1960-yilda Janubi Mirzachoʻl kanali (uz. 128 km) qazildi. 1958-yilda shoʻr suvlarni oqizish uchun 90 km uzunlikdagi Markaziy Mirzachoʻl kollektori qurilib, Boyovut va Yettisoy kollektorlariga qoʻshildi. Viloyat qududidan Sirdaryo oqib oʻtadi.
Aholisi Sirdaryo viloyatida
oʻzbeklar 760,470 ming kishi (80,4%)
qozoqlar 12,760 ming kishi (1,3%)
tojiklar 87,165 ming kishi (9,2%)
qirgʻizlar 20 ming kishi (2,1%)
ruslar 22,126 ming kishi (2,3%) va boshqa 70 dan ortiq millat vakillari yashaydi. 1 km² ga 221,5 kishi toʻgʻri keladi (2026.07.01). Qishloq aholisi 535 ming kishi, shahar aholisi 403,5 ming kishi.
Xoʻjaligi Sirdaryo viloyati respublikaning yirik paxtachilik bazalaridan biri. Viloyat xoʻjaliklari, asosan, paxta yetishtirishga ixtisoslashgan. Sanoati paxtani va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashga qaratilgan.
Sanoati XX asr boshlarida viloyatda bir necha mayda korxona bor edi. 1970-yillarda 8 paxta tozalash zavodi, 29 paxta qabul qilish punkti boʻlgan. Paxta zavodlaridan chiqqan paxta tolasi Bolgariya, Polsha, Kuba, Chexoslovakiya, Turkiya, Afrika mamlakatlariga joʻnatilgan.
Sirdaryo viloyatidagi 10774 ta korxonadan 10129 tasi kichik va oʻrta biznes korxonasi, shundan 8557 tasi mikrokorxona va 1282 tasi kichik va 290 tasi oʻrta korxonalardir.