Qoʻqon xonligi — oʻzbek xonliklaridan biri (1709-1876). Poytaxti — Qoʻqon. Oʻzbeklarning minglar urugʻidan boʻlgan Shohruxbiy 1709-yilda asos solgan. Bu xonlik tarkibiga dastlab Qoʻqon, Namangan, Margʻilon, Konibodom, Isfara va ularning atrofidagi qishloqlar kirgan. Abdurahimbiy davrida Buxoro xonligiga harbiy yurish qilinib, Samarqand egallanadi (1732). Abdulkarimbiy davrida (1746-yil) qalmoqlar Fargʻona vodiysiga hujum qilib, Oʻsh, Andijon, Margʻilon shaharlarini egallab, Qoʻqonni qamal qilgan. Qoʻqonliklarga yordamga kelgan Oʻrtepa hokimi Fozilbiy qoʻshinlari bilan birga ularni Fargʻona vodiysidan quvib chiqarishgan. Norboʻtabiy davrida Chust va Namangan beklarining mustaqillik uchun koʻtargan gʻalayonlari bostirilgan. Mamlakatda sugʻorish inshootlari barpo qilinadi, savdo va hunarmandchilik, qishloq xoʻjaligi birmuncha rivoj topadi va nisbatan arzonchilik boʻladi.
Tarix Norboʻtabiyning oʻgʻli Olimbek hukmronligi davrida Qoʻqonning siyosiy mavqei yanada kuchaygan, harbiy islohot oʻtkazilgan, Ohangaron vohasi, Toshkent, Chimkent va Sayram tobe etilgan, tashqi savdoga ham eʼtibor kuchaytirilgan. 1805-yil davlat rasman Qoʻqon xonligi deb eʼlon qilinib, Olimbek „xon“ unvonini olgan. Olimxonning markazlashgan kuchli davlat tuzish borasida qilayotgan harakatlari ayrim mansabparast zodagonlar guruhida norozilik kayfiyatlarini vujudga keltiradi. Natijada ular Olimxonning safardaligidan foydalanib 1810-yil Qoʻqonda „Olimxon Toshkentda oʻldi“, degan mish-mish tarqatishadi va uning ukasi Umarbekka toj kiygizadilar. Olimxon bundan xabar topib, Qoʻqonga yoʻl oladi, biroq u Oltiqush mavzeida otib oʻldirilgan.
Umarxon davrida xonlik hokimiyatini mustahkamlash va kengaytirish choralari koʻrilgan. 1815-yil Buxoro xonligiga qarashli Turkiston, 1817-yil esa Oʻratepa bosib olingan. Sirdaryo boʻyida bir qancha harbiy istehkomlar barpo etilgan; sugʻorish inshootlarini kengaytirish, kanallar qazish, masjid va madrasalar qurishga eʼtibor berilgan. Xususan, Qoʻqon, Toshkent, Turkiston, Chimkent, Sayram, Avliyoota (hozirgi Jambul)da masjid va madrasalar qurilgan. Mozorlar tartibga solingan. Umarxon hukmronligi davrida Qoʻqon xonligida fan, adabiyot, sanʼat nisbatan yuksalgan. Bunda uning sevimli xotini — mashhur oʻzbek shoirasi Nodirabegimning xizmati katta boʻlgan. Umarxonning oʻzi ham „Amiriy“ taxallusi bilan oʻzbek va tojik tillarida gʻazallar yozgan. Umarxon vafotidan soʻng uning 12 yoshli oʻgʻli Muhammad Alixon taxtga oʻtirgan. Xon yosh boʻlganligi uchun davlatni dastlabki davrda onasi Nodirabegim boshqargan. Nodirabegim madaniyat va sanʼatni rivojlantirishga intilgan.1826-yil Sharqiy Turkistonda xitoylarga qarshi bosh koʻtargan musulmon aholiga yordam berish uchun qoʻshin tortib borilgan. Natijada Xitoy hukumati Sharqiy Turkistonning 6 ta shahri (Oqsuv, Qashqar, Yorkend, Xoʻtan va boshqalar) dan soliq olish huquqini Qoʻqon xonligiga berishga majbur boʻlgan. Bu 1832-yilgi Pekin shartnomasida batafsil oʻz ifodasini topgan
Muhammad Alixon xonlik hududini kengaytirishga intilib, Janubiy Olay togʻ etagidagi Qorategin, Darvoz, Shugʻnon, Roʻshon, Vohon bekliklarini boʻysundirgan. thumb|Qoʻqon xonligini eng yuksakka yetgan davri xaritasi Bu davrda xonlikda sugʻorish ishlari ancha yoʻlga qoʻyilgan. Toshkent yaqinida Xonariq kanali qazilgan. Tashqi iqtisodiy-savdo aloqalari ham ancha yaxshilangan. Buxoro amiri Nasrullo (qarang Nasrullaxon) bilan yuz bergan urushda (1840-yil) Muhammad Alixon yengilib, Xoʻjandni amir Nasrulloga topshirishga va oʻzini uning noibi deb tan olishga majbur boʻlgan. Ammo Buxoro — Qoʻqon munosabatlari bundan keyin ham keskinlashgan. Natijada 1841-yil noyababr oyida Muhammad Alixon oʻz ukasi Sulton Mahmud foydasiga taxtdan voz kechgan. Bu voqeadan xabar topgan amir Nasrullo Qoʻqonga bostirib kelib, uni talon-toroj qiladi. U shu qirgʻinbarot davomida Muhammad Alini, uning ukasi Sulton Mahmudxonni, onasi Nodirabegimni va boshqa yuqori mansabdorlarni qatl ettiradi. Amir farmoni bilan Qoʻqon xonligi Buxoro noibi tomonidan boshqarila boshlangan. Amir noibi Qoʻqon xonligi aholisiga ogʻir soliqlar yuklaydi. Natijada 1842-yil yozda qoʻqonliklar qoʻzgʻolon koʻtaradi, amir Nasrulloga sodiq kishilarning koʻpchiligini oʻldiradilar va Norboʻtabiyning ukasi Hojibekning oʻgli Sheralini xon qilib koʻtarishadi. Buni eshitgan Buxoro amiri Qoʻqonga qoʻshin tortib oʻz hukmronligini qayta oʻrnatish uchun uni qamal qiladi. Biroq qamalning qirqinchi kuni Xiva xoni Olloqulixonning Buxoro hududiga qilgan hujumi haqidagi xabarni eshitib, orqaga qaytishga majbur boʻlgan. Natijada qoʻldan ketgan koʻpgina hududlar (Xoʻjand, Toshkent) yana Qoʻqon xonligi ixtiyorida qoladi. Sheralixonning (1842-1845) taxtga oʻtirishida koʻmakchi va xayrixoh boʻlgan qipchoqlardan Musulmonqul mingboshi qilib tayinlangan. Musulmonqul, asosan, harbiy ishlar bilan shugʻullangan va xon qoʻshinlarining tarkibini koʻproq qipchoq yigitlari bilan toʻldirgan. Musulmonqul oʻz mavqeidan foydalanib, Sheralixonga oʻz taʼsirini oʻtkazishga intilgan. Ammo xon bunga yoʻl qoʻymaslikka intiladi. Musulmonqul xondan norozi boʻlib, boshqalarning qoʻli bilan suiqasd uyushtirishga harakat qilgan. 1845-yil Oʻshda xonning soliq siyosatiga qarshi qoʻzgʻolon boshlanadi. Musulmonqul qoʻzgʻolonni bostirishga ketganida, uning sheriklari Olimxonning oʻgʻli Murodbekni Qoʻqonga taklif qilib taxtga oʻtqazganlar. Sheralixon oʻldirilgan. Taxtni saqlab qolish uchun Murodxon oʻzini Buxoro amirining noibi deb tan olishga majbur boʻlgan. Musulmonqulni mingboshi lavozimida qolganligi haqida farmon chiqaradi va uning Qoʻqonga qaytishini talab qiladi. Musulmonqul esa Oʻshdan Namanganga kelib qizini Sheralixonning oʻgʻli Xudoyorga turmushga beradi va u bilan Qoʻqonga kelib, Murodxonni oʻldirib, yosh Xudoyorni xon deb eʼlon qiladi (qarang Xudoyorxon). Musulmonqul xonning yoshligidan foydalanib xonlikni deyarli mustaqil ravishda oʻzi boshqaradi, katta lavozimlar qipchoqlarga ulashib beriladi. Natijada Musulmonqulga qarshi xonlik hududida norozilik harakati kuchaydi va u mingboshilikdan boʻshatiladi. Musulmonqul oʻz mavqeini tiklamoqchi boʻlib, ruslar bilan aloqa oʻrnatishga intiladi va ruslarning vakili V.V.Velyaminov-Zernov bilan 1853-yil bahorida maxfiy uchrashadi. Musulmonqulning rus qoʻmondoni vakili bilan uchrashgani va hokimiyatni oʻz qoʻliga olmoqchi boʻlganligidan xabar topgan oʻzbek va qirgʻiz zodagonlari (Muhammad Niyoz Qushbegi, Muhammad Rajab Qoʻrboshi, Muhammad Yoqubbek qushbegi va boshqalar) qipchoqlardan qutulish yoʻlini axtarib Xudoyorxonni oʻzlari tarafga ogʻdirib, 1853-yil qipchoqlar qirgʻinini boshlab yuborishgan. Musulmonqul asirga olinib, qatl qilingan. Biroq Qoʻqon xonligida oʻzaro taxt uchun kurashlar tinchimagan, yuqoridagi harbiy amaldorlar Xudoyorxonga qarshi fitna tayyorlaganlar, biroq u muvaffaqiyatsiz chiqqan (qarang Yoqubbek). Qisqa vaqt ichida xonlar bir necha marta almashgan (1852-62 yillarda Sheralixonning oʻgʻli Mallaxon, 1862-1863 yilda Shohmurodxon, 1863-yil may-iyunda yana Xudoyorxon, 1863-yil iyul — 1865-yillarda Mallaxonning oʻgʻli Sulton Sayidxon xon boʻlgan).
1865-yil Qoʻqonda qipchoq va qirgʻizlar Xudoyqulbekni tantanavor ravishda xon deb eʼlon qiladilar. U atigi 14 kungina xonlik qiladi, soʻngra barcha xazinani va qimmatbaho narsalarni olib, Qashqarga qochib ketgan. Xudoyorxon hech qanday qarshiliksiz Qoʻqon taxtini qayta egallagan (1865- 1875). Bunday beqaror ichki vaziyatdan foydalangan Rossiya Qoʻqon xonligiga qarshi istilochilik harakatlarini boshlab yuborgan. Natijada 1853-1865 yillar davomida Oqmachit, Toʻqmoq, Pishpak, Avliyoota, Turkiston, Chimkent, Toshkentni va ularning atrof hududlarini bosib oladi. 1867-yil 14 iyulda imperator Aleksandr II Turkiston harbiy okrugini taʼsis etdi va Oʻrta Osiyoda bosib olingan va saltanat tarkibiga kiritilgan hududlar hisobidan turkiston general-gubernatorligini tashkil qildi. Chorizm bosqini tufayli Qoʻqon xonligi chegaralari ancha qisqarib ketdi. Xazinaga tushadigan daromadlar keskin kamaydi. Xon xazinani toʻldirish uchun yangidan qoʻshimcha soliqlar joriy etdi. Xalq bundan norozi boʻlib 1871-yil Soʻxda gʻalayon koʻtaradi. Bu gʻalayon qurolli qoʻzgʻolonga aylanib ketdi. Oʻrta Osiyo tarixida eng uzoq davom etgan "Poʻlatxon" qoʻzgʻoloni boʻlib oʻtadi. Rus qoʻshinlari qoʻzgʻolonchilarni yengdilar va Poʻlatxon asirga olindi. U 1876-yil 1 mart oyida Margʻilon shahrida dorga osiladi. Chor qoʻshinlari Qoʻqon xonligini bosib olib, xonlikni rasman bekor qiladilar va oʻrniga Fargʻona viloyatini taʼsis etadilar.
Davlat tizimi Qoʻqon xonligida quyidagi mansablar mavjud boʻlgan: mingboshi, otaliq, shayx ul-islom, qozikalon, qushbegi, mehtar, parvonachi, naqib, dodxoh, eshik ogʻasi, inoq, shigʻovul, toʻqsoba, miroxur, qoravulbegi va boshqalar.
Qoʻqon xonligida mavjud boʻlgan harbiy unvonlar quyidagicha boʻlgan: mingboshi — odatda, u vazirlik vazifasini birga olib borgan. Keyin ponsadboshi, yuzboshi, ellikboshi, oʻnboshi, zambarakchi va boshqalar ham boʻlgan. Bulardan tashqari, boshqa harbiy mansablar ham boʻlgan. Qoʻqonda yashagan sarboz va toʻpchilar faqat alohida vazifadagi noib, dodxohning doimiy tasarrufida boʻlganlar. Urush davrida noib, dodxoh oʻz qismiga harakatdagi qoʻshinning hamma sarbozlarini qabul qilgan, unga vaqtinchalik boshchilik qilishni maxsus tayinlangan amiri lashkar (bosh qoʻmondon)ga topshirardi.
XIX asrning 1-yarmida Qoʻqon xonligi tarkibiga quyidagi hududlar kirardi: Sirdaryoning soʻl sohili bilan Qorategin oraligidagi Qoʻqon viloyati; Sirdaryoning oʻng sohilidan to Olatovgacha boʻlgan Namangan viloyati; Xoʻjand shahri; Xoʻjand bilan Toshkent orali-gʻidagi Oʻratepa viloyati. Xonlikning eng shimoliy viloyati Turkiston, Betpaqdala sahrolariga borib taqalardi. Bundan tashqari, xonlik tarkibiga Olay hududi, Balxash koʻli bilan Sirdaryoning yuqori oqimi oraligʻidagi yerlar kirardi. Billurtogʻning gʻarbiy tomonidagi Qorategin, Darboz, Koʻlob, Shugʻnon singari bir qator togʻli tumanlar ham Qoʻqon xonligiga tegishli edi. Bu yerlarni qoʻqonliklar XIX asrning 30-yillarida boʻysundirishgan boʻlsa-da, ular tez-tez qoʻldan-qoʻlga, koʻproq Buxoro amiri ixtiyoriga oʻtib turardi. Aholisi Qoʻqon xonligi aholisining soni 3 mln.ga yaqin edi. Chorizm qoʻshinlari uning shim.gʻarbiy viloyatlarini bosib olgach, xonlik hududi ancha qisqarib, asosan, Fargʻona vodiysi bilan cheklanadi va aholi soni taxminan 2 mln.ga tushib qoladi. Aholining asosiy qismini oʻzbeklar tashkil etgan. Shuningdek, tojiklar, qirgʻizlar va qashqar (uygʻur)lar ham yashashgan. Yashash tarziga koʻra, aholi oʻtroq, koʻchmanchi va yarim koʻchmanchilardan iborat edi.
Hunarmandchilik Xonlik hududida mamlakat poytaxti Qoʻqon shahri va boshqa barcha shaharlar aholisining asosiy mashgʻuloti hunarmandchilik hamda kosibchilik boʻgan. Mahallalar oʻzi ixtisoslashgan biror bir hunar sohasiga qarab maxsus ustaxona, tim va doʻkonlariga ega boʻlgan. Xonlikda hunarmandchilikning temirchilik, zargarlik, toʻquvchilik, degrezlik, kulolchilik, misgarlik va boshqa tarmoqlari keng rivojlangan boʻlib, xonlikning har bir shahri muayyan sohada ishlab chiqargan mahsulotlari bilan mashhur boʻlgan. Qoʻqon shahri zargarlik va qogʻoz ishlab chiqarish, Shahrixon hamda Chust tikuvchilik hamda temirga ishlov berish, pichoqchilik, Margʻilon, Namangan va Andijon esa ipak gazlamalari, Toshkent oʻzining tikuvchilik, choʻyan hamda temir-mis mahsulotlari bilan shuhrat topgan. Namangan, Qoʻqon va Margʻilon shaharlarida atlas, shoyi, adras hamda beqasam matolari ishlab chiqarilgan.
Qoʻqon xonligida hunarmand va kosibchilikning muhim bir tarmogʻi — bu qogʻoz ishlab chiqarish boʻlgan. 1871-yilda xonlikda boʻlgan A. P. Fedchenko ushbu mahsulotning ishlab chiqarish jarayoni, yaʼni Qoʻqon qogʻozini tayyorlashni oʻz koʻzi bilan koʻrgan. Biroq ushbu soha Rossiya sanoati ishlab chiqargan arzon fabrika qogʻozlarining xonlik bozorlarini egallashi natijasida butunlay kasod boʻlgan.