Toʻrtinchi fitna yoki Buyuk Abbosiy fuqarolar urushi Abbosiylar xalifaligi taxtini egallash uchun aka-uka Amin va Maʼmun oʻrtasidagi ziddiyat natijasida yuzaga kelgan. Ularning otasi xalifa Horun ar-Rashid Aminni birinchi merosxoʻr etib tayinlagan. Maʼmun esa ikkinchi merosxoʻr boʻlib, qoʻshimcha ravishda Xuroson noibligiga tayinlangan. Keyinroq uchinchi oʻgʻil Qosim uchinchi merosxoʻr deb eʼlon qilingan. 809-yilda Horun vafot etgach, Bagʻdoddagi xalifalik taxtini Amin egalladi. Hukmron mavqeidan ruhlangan Amin Xurosonning avtonom maqomini buzishga harakat qila boshladi. Qosim tezda merosxoʻrlikdan chetlashtirildi. Bunga javoban Maʼmun Xurosonning viloyat elitalaridan yordam soʻrab, oʻz muxtoriyatini taʼminlashga harakat qildi. Ikki aka-uka oʻrtasidagi kelishmovchilik kuchayib borgach, Amin oʻz oʻgʻli Musoni merosxoʻr deb eʼlon qilib, katta qoʻshin toʻpladi. 811-yilda Amin qoʻshinlari Xurosonga qarshi yurish boshladi. Maʼmun sarkardasi Tohir ibn Husayn Ray jangida ularni magʻlub etib, Iroqqa bostirib kiradi va Bagʻdodni qamal qiladi. Bir yildan keyin shahar egallanib, Amin qatl qilindi va Maʼmun xalifa boʻldi.
Maʼmun poytaxtga kelishdan koʻra, Xurosonda qolishni afzal koʻrdi. Bu holat xalifalik viloyatlarida fuqarolar urushi sabab paydo boʻlgan hokimiyat boʻshligʻining kuchayishiga imkon berdi. Jazira, Suriya va Misrda bir qancha mahalliy hukmdorlar paydo boʻldi. Bundan tashqari, Kufada Abul Sarayodan boshlanib, janubiy Iroq, Hijoz va Yamanga qadar tarqalgan bir qator Alilar qoʻzgʻolonlari sodir boʻldi. Maʼmunning qudratli bosh vaziri Fadl ibn Sahl amalga oshirgan Xurosoniyparastlik siyosati va Maʼmunning Ali ar-Rizo timsolida Alilar vorisligini qoʻllab-quvvatlashi oʻzlarini borgan sari marginallashayotganday his qilgan anʼanaviy Bagʻdod elitasini xalifadan uzoqlashtirdi. Binobarin, Maʼmunning amakisi Ibrohim 817-yilda Bagʻdodda parallel ravishda xalifa deb eʼlon qilinishi vaziyatga Maʼmunning shaxsan aralashuvini taqozo qildi. Fazl ibn Sahl oʻldirildi. Maʼmun Xurosondan Bagʻdodga joʻnab ketib, 819-yilda shaharga kirdi. Keyingi yillarda Maʼmun hokimiyatining mustahkamlanishi va gʻarbiy viloyatlardagi mahalliy qoʻzgʻolonchilarga qarshi kurashlar kuzatilib, bu jarayon 827-yilda Misr tinchlantirilgunga qadar yakunlanmadi. Baʼzi mahalliy qoʻzgʻolonlar, masalan, Xurramiylar, 830-yillarga qadar davom etdi.
Tarixchilar ziddiyatni turlicha talqin qilishgan. Eronshunos Elton L. Danielning soʻzlariga koʻra, urush „juda layoqatsiz, qoʻpol Amin va uning zukko, iqtidorli ukasi Maʼmun oʻrtasidagi vorislik toʻqnashuvi, haram fitnalarining mahsuli; vazirlar Fadl ibn Rabiy va Fadl ibn Sahl oʻrtasidagi shaxsiy raqobatning kengayishi yoki arablar va forslar oʻrtasidagi hukumatni nazorat qilish uchun kurash mahsuli“ boʻlishi mumkin.
Kelib chiqishi
Fuqarolar urushining kelib chiqishi sababi Horun ar-Rashid () va Abbosiylar xalifaligining ichki siyosiy dinamikasi bilan bogʻliq edi. Taxtga ikki asosiy daʼvogar Muhammad al-Amin va Abdulloh al-Maʼmun olti oylik farq bilan hijriy 170-yilda (786/7) tugʻilgan boʻlib, Maʼmunning yoshi kattaroq edi. 792-yilda Amin birinchi merosxoʻr deb eʼlon qilindi. Maʼmun esa 799-yilda ikkinchi merosxoʻr boʻldi. Merosxoʻrlikning ushbu tartibi uchun asos esa shahzodalarning nasl-nasabi va siyosiy oqibatlari natijasi edi. Amin abbosiylar naslidan tugʻilgan boʻlib, otasi Horun Abbosiylar xalifasi, onasi Zubayda esa ikkinchi abbosiy xalifa Mansurning () qizi boʻlgan. Maʼmunning onasi esa Xurosonda joylashgan Badgʻislik fors kanizaki Marojil edi.
Maʼmunning kelib chiqishi sof arab Aminiga qaraganda obroʻli boʻlmasa-da, uning Xuroson va Eronliklar hukmron boʻlgan sharqiy viloyatlar bilan aloqalari merosxoʻr sifatida tanlanishida muhim omil boʻlgan. Faqat arablar hukmronlik qilgan Umaviylar xalifaligidan farqli oʻlaroq, Abbosiylar davlati Eron, xususan, Xurosoniylar taʼsirida edi. Abbosiylarni hokimiyat tepasiga olib kelgan Abbosiy inqilobi Xurosonda shakllangan va Abbosiylar sulolasi harbiy rahbar va boshqaruvchi sifatida asosan Xurosoniylarga tayangan. Abbosiylar bilan gʻarbga kelgan Xurosoniy arab qoʻshinlarining (Xurosoniyya) koʻpchiligiga Iroqda va Abbosiylarning yangi poytaxti Bagʻdodda mulklar berilib, ular „abna al-davla“ („davlat/sulola oʻgʻillari“) deb nomlanuvchi elita guruhiga aylandi. Xuroson xalifalik viloyatlari orasida imtiyozli mavqeini saqlab qoldi. Horun ar-Rashid, asosan, Xurosoniy Barmakiy oilasini hokimiyat lavozimlariga ko‘tarib, xalifalikning Eron elitalari bilan aloqalar o‘rnatishiga ehtiyot bo‘ldi. Amin ham, Maʼmun ham yoshligida barmakiylardan, Amin Fadl ibn Yahyodan, Ma’mun esa Ja’far ibn Yahyodan saboq olganlar. Amin barmakiylardan uzoqlashib, Bag‘dodning abna aristokratiyasi bilan chambarchas bog‘langan, Maʼmun esa Jaʼfar va uning sheriklari taʼsirida qolgan.
802-yilda Horun va Abbosiylar hukumatining eng qudratli amaldorlari Makkani ziyorat qilishdi. Ziyorat chogʻida aniq vorislik kelishuvi tuzildi. Unga koʻra, Amin Bagʻdodda Horunning oʻrniga oʻtiradi, Maʼmun esa Aminning vorisi boʻlib, qoʻshimchasiga amalda mustaqil boʻlgan Xurosonga noiblik qiladigan boʻldi. Uchinchi oʻgʻli Qosim (Muʼtamin) uchinchi merosxoʻr boʻldi va Vizantiya imperiyasi bilan chegaradosh hududlarga noiblik qiladigan boʻldi. Tarixchi Tabariy keng miqyosda qayd etgan shartnoma shartlari Maʼmunning keyingi apologistlari tomonidan, ayniqsa, Maʼmunning sharqiy hududlar uchun noibligiga berilgan muxtoriyat darajasi nisbati buzib yuborilgan boʻlishi mumkin.
Bagʻdodga qaytgandan soʻng deyarli darhol, 803-yil yanvarda Abbosiylar saroyida Barmakiylar oilasining hokimiyatdan keskin qulashi kuzatildi. Bir tomondan, bu qaror Barmakiylar xalifaga yoqmaydigan darajada kuchayib ketgan vaqtda yuz bergan boʻlishi mumkin. Biroq ushbu hodisaning sodir boʻlgan vaqti vorislik masalasiga ham bog‘liqligini ko‘rsatadi. Amin Abna, Maʼmun esa barmakiylar tarafdori bo‘lgan. Ushbu ikki lager kundan-kunga bir-biridan uzoqlashib borar ekan, agar Amin muvaffaqiyat qozonishni istasa, barmakiylar kuchini sindirishi kerak edi. Darhaqiqat, Barmakiylar qulagandan keyingi yillarda boshqaruvning markazlashuvi va abnaʼ taʼsiri kuchaygan. Abna aʼzolarining koʻpchiligi viloyat noibi lavozimlarini egallab, bu viloyatlar nazoratini Bagʻdodga yaqinlashtirish uchun yuborilgan.
Bu siyosat viloyatlarda, xususan, Xurosonda tartibsizliklarga sabab boʻldi. Elton L. Danielning fikriga koʻra bu yerda „Abbosiylar siyosati ikki chegara oʻrtasida [oʻzgarib turardi]. Bir gubernator Iroq, markaziy hukumat va kamdan-kam hollarda oʻz manfaati uchun oʻz viloyatidan imkon qadar koʻproq mablagʻ toʻplashga harakat qilardi. Odamlar ochiqcha norozilik bildira boshlaganida, noiblar vaqtincha mahalliy manfaatlarga rioya qiladiganlar bilan almashtirilardi“. Xurosoniy elita azaldan abna bilan raqobatda edi. Garchi abna aʼzolari asosan hozirgi Iroq hududida yashasalar ham, Xuroson ishlari ustidan nazoratni saqlab qolishni va maoshlarini taʼminlash uchun viloyat daromadlarini gʻarbga yuborishni talab qilishdi. Bu talablarga mahalliy arab va eroniy elitalar qattiq qarshilik koʻrsatdilar. Namunali valiy sifatida maqtovga sazovor boʻlgan Fadl ibn Yahyo 793-yilda Xuroson noibi etib tayinlangach, mavjud kesinlik biroz yumshaganday koʻrinsa-da, viloyat noibligiga 796-yilda abna aʼzosi Ali ibn Iso ibn Mohon tayinlangach, vaziyat yana keskinlashdi. Ali ibn Isoning soliqqa tortish siyosati kuchli tartibsizliklarni keltirib chiqardi. Ushbu holat xorijiylarning qoʻzgʻolonlari va nihoyat, Samarqand hokimi Rofe ibn Lays qoʻzgʻolonida yaqqol namoyon boʻldi. Bu qoʻzgʻolon Horunni Maʼmun, qudratli harbiy guruhi (hojib) va bosh vazir Fadl ibn ar-Rabiy hamrohligida 808-yilda viloyatga borishga majbur qildi. Maʼmun qoʻshinning bir qismi bilan Marvga yuborildi. Horun esa Tusda qolib, shu yerda 809-yil 24-martda vafot etdi.
Amin va Maʼmun oʻrtasidagi fuqarolar urushi (809—813)
Horun vafot etgach, Amin Bagʻdod taxtiga oʻtirdi. Poytaxtda Aminning obroʻsi baland edi. Maʼmun esa Marvda qolib, shu yerdan qolgan isyonchilarga qarshi yurishni rejalashtirdi. Biroq Amin qo‘shin va xazinani sharqdan chaqirib oldi. Natijada Ma’mun harbiy yurishini tugallay olmay qoldi. Aynan shu davrda Maʼmun oʻz vaziri, sobiq barmakiylar himoyachisi Fadl ibn Sahlga tayanib, muxtoriyat va imtiyozlarni kafolatlagan holda mahalliy elita bilan murosa va hamkorlik siyosatini amalga oshira boshladi. 802-yildagi ahd Bagʻdodning markazlashtirish ambitsiyalari va Xurosonning maqomi borasidagi kelishmovchiliklar tufayli tez orada parchalana boshladi. Buning sababi Horun qamoqqa tashlagan, lekin Amin davrida ozod qilinib, xalifa qoʻriqchilari boshligʻi etib tayinlangan Ali ibn Iso boshchiligidagi abna Xuroson va uning daromadlarini bevosita markaziy hukumat nazoratiga qaytarishni talab qilishdi. Biroq, bu talab Makka kelishuvi shartlarini buzish anglatar edi. Abnaning talabini boshqa nufuzli amaldorlar, jumladan Fadl ibn ar-Rabiy ham qoʻllab-quvvatlashdi.
Baʼzi zamonaviy olimlar aka-uka oʻrtasidagi ziddiyatni xalifalikning arab va eron elitasi oʻrtasidagi qarama-qarshilik sifatida talqin qilishga urinadilar. Bunday xulosaga kelishga asos esa taxt uchun ikki daʼvogarning onalari kelib chiqishi boʻladi. Eronliklar hukmron bo‘lgan Sharq asosan Ma’munni qo‘llab-quvvatlagan boʻlsa-da, Amin ongli ravishda „arabizm“ tarafdori boʻlmagan. Shuningdek, Maʼmunning tarafdorlari „singillarining oʻgʻli“ uchun tashviqot olib borishga boʻlsa-da, Maʼmunni qoʻllab-quvvatlash uning eroniy kelib chiqishi tufayli boʻlgan edi. Maʼmun Xurosonning mahalliy elitasi qoʻllovidan foydalanganining asosiy sababi ushbu elita Maʼmun siymosida yangidan qoʻlga kiritgan muxtoriyatlari uchun kurashuvchini koʻrganlari hamda Maʼmunning oʻzi bu fikrni tirishqoqlik bilan mustahkamlagani edi. Keyinchalik, urush davrida Maʼmunning gʻalaba qozonish ehtimoli ham Xurosonliklar uchun yangi tuzumda yanada imtiyozli mavqega ega boʻlishni kafolatladi. Biroq, mojaro, birinchi navbatda, sulolaviy nizo boʻlib, Amin toʻgʻridan-toʻgʻri patrilineal vorislik oʻrnatishga harakat qildi. Bunda Amin Mansurdan keyingi aka-uka va amakivachchalarning daʼvolariga qarshi kurashganlar kabi yoʻl tutishdan boshqa biror ish qilmadi. Horun ar-Rashid ham akasi al-Hadiyning () qisqa hukmronligi davrida qamoqqa tashlangan edi. Amin oʻzining befarqligi va siyosiy qobiliyatga ega emasligini hisobga olib, bu loyihani amalga oshirishni Amin yonidagi „yovuz daho“ sifatida taʼriflangan va mojaroning asosiy qoʻzgʻatuvchilaridan biri hisoblanadigan Fadl ibn ar-Rabiyga ishonib topshirdi. Qisqa muddatda Amin ukasi Qosimni merosxoʻrlikdan mahrum qila oldi. Dastlab Qosim Jazira hokimligidan chetlashtirildi. Koʻp oʻtmay, vorislikdan ham butunlay mahrum qilinib, Bagʻdodda maxsus qoʻriqlovga olindi. Maʼmun xalifaning bevosita nazorati ostidagi hududdan uzoqda yashagani uchun bu qismatdan qutulib qoldi.
Ikki guruh oʻrtasidagi kelishmovchilik 810-yilda Amin oʻz oʻgʻli Musoni merosxoʻr etib tayinlaganda yaqqol namoyon boʻldi. Keyin Amin Marvga elchi yuborib, Maʼmundan Bag‘dodga qaytishni so‘radi. Maʼmun oʻz xavfsizligidan qoʻrqib, rad javobi berganidan soʻng, Amin akasining mulkiga aralasha boshladi. Amin taslim boʻlgan ibn al-Laysni Maʼmun afv etishiga norozilik bildirdi va ramziy boʻysunish belgisi sifatida Xurosonning gʻarbiy viloyatlari hokimlaridan soliq talab qildi. Soʻngra akasidan Xurosonning gʻarbiy hududlarini tasarruf etishni, xalifalik soliq va pochta agentlarini viloyatga qabul qilishni, Xuroson daromadlarini Bagʻdodga oʻtkazishni talab qildi. Tayanadigan katta harbiy kuchlari boʻlmagan va shu sababli mavqei zaif boʻlgan Maʼmun avvaliga ukasining talablarini qabul qilishga moyil boʻlgan. Biroq Fadl ibn Sahl Maʼmunni bu yoʻldan qaytarib, xalifa hokimiyatiga qarshi chiqqan Xurosonning tub aholisidan yordam soʻrashga undadi.