Vladimir Ivanovich Pojilov (1942-yil 26-oktyabr, Past Dargʻom tumani, Samarqand viloyati, Oʻzbekiston SSR, SSSR — 2001-yil 4-avgust, Rossiya) — qishloq xoʻjaligi sohasidagi rus olimi, Rossiya qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining muxbir aʼzosi (1995).
Tarjimayi holi Vladimir Pojilov 1942-yil 26-oktyabrda Past Dargʻom tumani Charxin shaharchasida tugʻilgan. 1964-yilda V. V. Kuybishev nomidagi Samarqand qishloq xoʻjaligi institutini tugatgan. 1964—1967-yillarda Gʻallaorol tumani „Gʻallaorol-7“ gʻallachilik sovxozining 1-naslchilik fermasida agronom, katta agronom, 1967—1972-yillarda V. V. Kuybishev nomidagi Samarqand qishloq xoʻjaligi instituti agrokimyo va umumiy dehqonchilik kafedrasi aspiranti, kuzatuvchi agronom, ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, 1972—1990-yillarda Butunittifoq sugʻorma dehqonchilik ilmiy tadqiqot institutining agrokimyo va oʻgʻitlar laboratoriyasi katta ilmiy xodimi, laboratoriya mudiri, yetakchi ilmiy xodimi, 1990—2001-yillarda „Volgograd“ ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi bosh direktori, Quyi Volga qishloq xoʻjaligi ilmiy tadqiqot instituti direktori lavozimida ishlagan. 1992-yilda qishloq xoʻjaligi fanlari doktori ilmiy darajasini, 1994-yilda professor ilmiy unvonini olgan, 1995-yilda Rossiya qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining muxbir aʼzosi etib tayinlangan. Volgaboʻyi va Shimoliy Kavkazdagi sugʻoriladigan yerlarda oʻgʻit qoʻllash tizimini ishlab chiqqan olimlardan biri hisoblanadi. 150 ga yaqin ilmiy ishlar, jumladan, 22 ta kitob va risolalar, 25 ta ixtirolar muallifi.
Manbalar