Davlat — jamiyatning oliy siyosiy instituti boʻlib, shu jamiyat yashayotgan mamlakat fuqarolari manfaatini himoya qilish uchun oʻrnatiladi. Davlatlar mamlakat chegaralarini himoya qiladi, boshqa mamlakatlar bilan aloqada boʻladi, qonunchilik bilan shugʻullanadi va hokazo. Mamlakat miqyosida jamiyatni uyushtirish masalalarini hal qilib, uning tashqi munosabatlarini belgilash vakolatlari boʻlgan hukmron tuzilma hisoblanadi. Davlat jamiyatni oʻz qonun-qoidalariga koʻra idora qiladi, turli tip, shakllarda tashkil topadi. Davlat toʻgʻrisidagi nazariya huquqshunoslikning muhim sohasi hisoblanadi. Davlat va uning kelib chiqishi, rivojlanish bosqichlari, mohiyat va vazifalari haqida turlicha fikrlar mavjud.

Davlat masalasi haqidagi qarashlar, taʼlimotlar. Davlat hokimiyati hamda huquqiy hayot hodisalari barcha zamonlarda alohida dolzarblik kasb etib kelgan. Davlat toʻgʻrisidagi ilk tushuncha va qarashlar miloddan avvalgi taxminan 4-3-ming yilliklarda Misr, Mesopotamiya, Hindiston, Xitoyda paydo boʻlgan. Ular asosan diniy-mifologik xarakterda edi. Avesto taʼlimotiga koʻra, hokimiyat, haqiqat, adolatlilik 3 axloqiy-huquqiy asosga: ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amalga tayanadi. Davlatning vazifasi yovuzlikka qarshi yaxshilik, tinchlik va insonlarning baxtli-saodatli hayotini taʼminlashdir. Islom dini taʼlimoti boʻyicha, Allohning Oʻzi oliy qonun sohibi. Uning talablari, koʻrsatmalari paygʻambarlar orqali insonlarga yetkaziladi. Davlat boshliqlari — podsholar, xonlar Xudoning Yerdagi soyasi, vakili hisoblanadi.

Diniy-mifologik taʼlimotlar bilan birga, keyinchalik davlat toʻgʻrisidagi dunyoviy qarashlar, gʻoyalar rivojlandi. Bunda Platon, Aristotel, Forobiy, Beruniy, J. J.Russo, G.Grotsiy, Spinoza, Lokk, Monteskye, Kant, Jefferson va boshqalar katta hissa qoʻshdilar. Bugungi dunyoviy davlatlarda ana shu mutafakkirlar taʼlimotlari muayyan darajada oʻz aksini topgan. Aristotel ham, Forobiy ham insonlar hayotiy zarur masalalarni yechishda va oʻz ezgu orzulariga erishishlarida tabiat insonga ato etgan huquqlar (dunyoga kelish, yashash, oila qurish va hokazo) asosida davlatga birlashadilar, deb hisoblagan. Davlatga jamiyatda tinchlikni, tartibni taʼminlovchi, jamiyatni idora qiluvchi hokimiyat sifatida qaragan. „Davlat — huquqqa rioya etish, u umum manfaati yoʻlida tuzilgan erkin kishilarning mukammal ittifoqi“ (Grotsiy), „Davlat huquqiy qonunlar himoyasida boʻlgan koʻpchilik odamlarning birlashmasidir“ (Kant). Gʻarbiy yevropalik olim J. Boden „Davlat ichki va tashqi siyosatda mustaqildir“, deyish bilan suverenitet, suveren hokimiyat haqidagi fikrni ilgari surgan. Fransuz mutafakkiri J. J. Russo esa suverenitet xalqniki degan edi. T. Gobbs bu xususda oʻzicha tavsif berib, suverenitet sohibi bir shaxs, davlat boshligʻi yoki bir necha kishilar boʻlishi mumkinligini eʼtirof etgan. U davlat zimmasiga „qoʻl ostidagilarga tinch-totuvlikni baxsh etish, ular xavfsizligini taʼminlash yuklatiladi“, deb yozgan. Davlat haqidagi nazariyalar qanchalik xilma-xil boʻlmasin, davlatning hamma yerda tashkil topish va rivojlana borish jarayoni oʻz yoʻli bilan kechdi.

Davlatchilikning yuzaga kelishi va tarixiy taraqqiyoti Dastlabki davlatlar sugʻoriladigan dehqonchilik hududlari — Misr, Mesopotamiya, Elam (hozirgi Eron hududida), Hindiston va Xitoyda bundan 3,5-5 ming yillar muqaddam vujudga keldi. Sugʻorish shoxobchalarini bunyod etish bilan mehnat unumdorligining keskin oshishi ularning yuzaga kelishiga sabab boʻldi. D.ning tashkil topish jarayonida piramida shaklida bunyod etilgan jamiyat vujudga keldi: eng yuqorida yagona hukmdor (podshoh, firʼavn, xon va hokazolar), quyiroqda — uning eng yaqin safdoshlari, maslahatchilari (vazirlar, amirlar) turardi. Ulardan keyin quyi martabali amaldorlar, piramidaning asosini esa, qishloq jamoalari tashkil etardi. Davlat oliy hukmdor sanalib, jonli-jonsiz hamma narsalarga, barcha fuqarolarning ham hayoti, ham mulkiga egalik qilardi. Jamiyatning barqaror tabiati davlatning tub oʻzgarishlarsiz yashashini taʼminlab keldi. Chunonchi, Qadimgi Misr davlati mil. av. 4-3-ming yilliklarda paydo boʻlib, 30 asrdan koʻproq yashadi. Gʻarb davlatlari Sharq davlatlaridan ancha keyin paydo boʻlgan, biroq ular ancha tez rivojlangan. Yevropa ijtimoiy jamiyatidagi oʻzgarishlar davlatlarning yangi-yangi tiplarini vujudga keltirib chiqargan.

Oʻzbek davlatchiligi Oʻzbek xalqi ajdodlarining ilk davlatchiligi tarixi ancha qadim ildizlarga ega. Buni arxeologiya fani va yozma manbalar isbotlaydi. Jumladan, Avesto, ahamoniylar davri mixsimon yozuvlari va Qadimgi dunyo (Yunon-Rim) davriga taalluqli manbalarda bu yurtdagi viloyatlarning nomlari, aholining turmushi, dini, madaniyati, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tuzumi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan tanishish mumkin. Oʻzbek xalqi ajdodlarining ilk davlatchilik tizimiga oʻtish jarayoni mil. av. 2-ming yillikning oʻrtalarida boshlandi. Mil. av. VII-VI asrlarda Oʻrta Osiyo hududida eng yirik davlatlar — „Katta Xorazm“ va Qadimgi Baqtriya podsholigi mavjud edi. Soʻgʻdiyona va Fargʻona viloyatlari qadimgi tarixning iqtisodiy va madaniy hayotida muhim ahamiyatga ega boʻldi. Asrlar davomida oʻzbek xalqi ajdodlari chet el bosqinchilari (ahamoniylar, yunon-makedonlar)ga qarshi kurash olib bordilar. Turli sulolalar davrida siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar oʻzgarib turdi. Keyingi asrlar davlatchilik tarixini oʻrganishda va tadqiq etishda Beruniy, Narshaxiy, Abdurazzoq Samarqandiy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Bobur, Hofiz Tanish Buxoriy va boshqa mualliflar asarlari muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻrta asrlarda oʻzbek xalqi davlatchiligi tarixida somoniylar, qoraxoniylar, saljuqiylar sulolalarining yirik davlatlari vujudga keldi. XII asrning oʻrtalarida xorazmshohlar mamlakatni markazlashtirishga harakat qildilar, ammo bu jarayonga moʻgʻullar istilosi toʻsiq boʻldi. Oʻzbek xalqi davlatchiligi tarixining yangi bosqichi Amir Temur hukmronligi davri bilan uzviy bogʻliqdir. Bu davrda hamma soha — iqtisodiy hayot, meʼmorlik, hunarmandchilik, ilm-fan, sanʼat yuksak darajada rivoj topdi. Ushbu tarixiy anʼana Ulugʻbek davrida davom etdi. Keyingi asrlarda oʻzaro nizolar va kurashlarga qaramay, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotda yangi jarayonlarni kuzatish mumkin. XVIII asr oʻrtalariga kelib Oʻrta Osiyo hududida uchta davlat (Buxoro xonligi, Xiva xonligi va Qoʻqon xonligi) paydo boʻldi. Afsuski, ular oʻrtasida birlik boʻlmadi, siyosiy qarama-qarshiliklar, oʻzaro kurashlar avj oldi. Bunday vaziyatda Oʻrta Osiyo xonliklari podsho Rossiyasi tomonidan istilo qilinib, Turkiston oʻlkasi mustamlakaga aylandi. Shu davrdan boshlab oʻlkada istiqlolga erishish va milliy davlatchilikni tiklash uchun xalq harakatlari boshlandi, ayniqsa, XX asrning 1-choragida bu kurash oʻzining yuqori nuqtasiga chiqdi. Oʻzbekiston davlat mustaqilligi eʼlon qilinguncha, oʻzbek xalqi oʻz hayotida mana shunday murakkab tarixni boshidan kechirdi (qarang: Oʻzbekiston Respublikasi).

Dunyo miqyosida Turli xalqlar oʻz davlatchiligining shakllanish bosqichini ijtimoiy, iqtisodiy va tarixiy-madaniy vaziyatlarga bogʻliq holda turli tarixiy davrlarda bosib oʻtdilar. Yer yuzida oʻz davlatchiligini hech qachon yarata olmagan elatlar va qabilalar saqlanib qolgan boʻlib, ularning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti bir necha ming yillar ilgarigidek, urugʻ va qabilaning maʼnaviy oʻlchamlari, urugʻ boshliqlarining obroʻ-eʼtibori bilan boshqarib turilmoqda. Tamaddun insoniyat madaniyati rivojinigina anglatib qolmay, shuningdek, davlatchilik taraqqiyoti hamdir, biroq yaqin-yaqingacha hukm surib kelgan markscha-lenincha taʼlimotga koʻra, davlat sinfiy xarakterga ega, hukmron sinflarning qoʻlidagi ekspluatatsiya quroli, jamiyat rivojlana borib, pirovardida davlat oʻz qiyofasidan mahrum boʻladi va dastavval, „yarim davlat“ga aylanib, keyinroq (zarurat boʻlmaganligi bois) umuman barham topadi. Leninning „Davlat va inqilob“ asarida bayon etilgan bu xildagi „nazariy qoida“larning tagi puch ekanligini jahon tarixidagi keyingi voqealar isbotlab berdi. Tarixiy taraqqiyot shuni koʻrsatdiki, insoniyat hech qachon hokimiyatsiz, davlatsiz yashay olmagan, aksincha, tom maʼnodagi davlatning rivojlanishi jamiyatning yuksalishiga olib kelgan. Zotan, davlat jamiyatda barcha sinflar, tabaqalar va millatlarni murosaga keltirib turuvchi kuchdir. U barcha boshqa nodavlat tashkilotlardan oʻzining asosiy belgilari bilan va qonunlarining bajarilishi hamma uchun majburiyligi bilan farqlanadi.

Davlatchilikning asosiy belgilari Davlatning belgilari toʻgʻrisidagi masalani huquqshunoslar turlicha talqin qilib kelganlar. Bunda aholining hududiy boʻlinishi, odamlar ustidan rahbarlik qiluvchi hokimiyat, soliqlar tizimi alohida ajratib koʻrsatilgan. Hozirgi vaqtda davlatning umumiy eʼtirof etilgan quyidagi asosiy belgilarini koʻrsatish mumkin: davlat oʻz chegaralari doirasida fuqarolik belgisi boʻyicha birlashgan butun jamiyat, aholining yagona vakili sifatida maydonga chiqadi; davlat — suveren hokimiyatning yagona egasidir; davlat — yuridik kuchga ega boʻlgan va huquq normalarini aks ettirgan qonunlar va ularga asoslanib chiqarilgan hujjatlarni qabul qiladi; davlat — oʻz funksiyalarini bajarish uchun zarur davlat organlari hamda tegishli moddiy vositalar tizimidan iborat mexanizm (mahkama)ga, huquqni muhofaza qilish (jazolash) organlari — sud, prokuratura, militsiya, politsiya kabilarga, oʻz mudofaasi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini va xavfsizligini taʼminlovchi qurolli kuchlar hamda xavfsizlik organlariga ega boʻladi (qarang: Davlat xavfsizlik organlari).

Davlatchilik turlari va shakllari Davlatshunos olimlar davlatni oʻrganishga tarixiy jihatdan yondashib, qadimgi, oʻrta asr hamda hozirgi davlatlarni ajratib koʻrsatadilar. Tarixiy va madaniy rivojlanish qoʻshib hisobga olinadigan boʻlsa, dehqonchilik bilan shugʻullanuvchi va sanoat bilan shugʻullanuvchi (yoki sanoat taraqqiyotigacha, industrial va postindustrial) davlatlarga boʻlinishi mumkin. Tamaddun xarakteriga koʻra, davlatlar sharqiy, gʻarbiy va aralash (oraliq) davlatlarga, iqtisodiy taraqqiyot darajasi boʻyicha esa yuksak rivojlangan, oʻrtacha rivojlangan hamda „kambagʻal“ davlatlarga ajratiladi. Hozirgi kunda fanda keng foydalanilayotgan davlat tasnifi quyidagicha: totalitar, avtoritar, liberal va demokratik davlatlar. Liberal davlatda fuqarolarning huquq va erkinliklari jamiyat hayotining barcha sohalarida rasman amal qiladi, davlat ishlarida fuqarolarning rasman ishtiroklariga yoʻl qoʻyiladi. Man etilmagan hamma narsaga ruxsat etiladi, biroq mavjud davlat va ijtimoiy tuzumni oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Totalitar davlatda hamma narsa bir gʻoyaga — „davlat — bu hamma narsa, inson esa — hech nima“ degan gʻoyaga boʻysundirilgan. Butun hokimiyat hukmron elita qoʻlida boʻlib, boshqalar davlatni boshqarishdan chetlatilgan. Avtoritar davlatda ham hokimiyat tor guruh kishilar qoʻlida boʻlib, shaxsiy manfaatlar davlat manfaatlari yoʻlida qurbon qilinadi. Siyosiy jabhada ruxsat etilganidan tashqari hamma narsa man etilishi tamoyili amal qiladi. Demokratik davlat fuqarolarning davlat va jamoat ishlarini boshqarishdagi huquqlarini amalda taʼminlaydi, shunday ishtirokka amalda yordam beradi. Shaxsning huquq va erkinliklari doirasi juda keng boʻlib, ularni amalga oshirish taʼminlangan boʻladi. Ijtimoiy hayotning barcha sohalarida qonun bilan toʻgʻridan-toʻgʻri taqiqlanmagan hamma narsaga yoʻl qoʻyiladi (qarang: Demokratiya).