Shayxulislom Hoji Allohshukur Poshozoda (toʻliq ismi: Allohshukur Hummat oʻgʻli Poshozoda, ozarb. Allahşükür Hümmət oğlu Paşazadə) — Kavkaz musulmonlarining XII Shayxulislomi va Kavkaz musulmonlar idorasi raisi (Kavkaz musulmonlarining 29-iyul 2003-yildagi Boku shahrida oʻtkazilgan XI qurultoyida bir ovozdan umrbod rais — Shayxulislom sifatida saylandi), Boku davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori. Hayoti Allohshukur Hummat oʻgʻli Poshozoda 1949-yil 26-avgustda Ozarbayjonning janubiy shaharlaridan va tarixiy madaniyat markazlaridan biri boʻlgan Lenkoranning Jil qishlogʻida tugʻildi. U bolaligida dunyoviy bilimni Veravul qishloq maktabida, dastlabki diniy taʼlimini esa mashhur din ulamosi Shayx Qudratdan oldi. Shuni qayd etib oʻtish joizki, davrining taniqli diniy olimlaridan hisoblangan Oxund Shayx Qudrat 1905-yilda Ozarbayjonning Masalli viloyatining Babaser qishlogʻida tugʻilgan. U ilk diniy taʼlimini avval dindor sifatida katta obroʻga ega boʻlgan otasi Karbaloyi Ogʻakishidan, keyinchalik esa Masalli ulamolaridan hisoblangan va Mollaoba qishlogʻidan boʻlgan Mulla Mikoyildan olgan. Shayx Qudrat oʻsmir vaqtlarida arab, fors, turk tillarini, shariat, ilohiyot ilmlarini chuqur oʻrganib, tahsilini Sharqning mashhur madrasalaridan hisoblangan Erdebil shahridagi „Mirza Ali Akbar“ madrasasida olgan. XX asrning 30-yillarida uning katta obroʻsidan xavotirlangan kommunist rejimi taʼqiblariga duchor boʻlsa ham Shayx Qudrat islom targʻibidan voz kechmadi. Keyinchalik Axund Shayx Qudratga bir qancha diniy vazifa taklif qilinishiga qaramay, u bu lavozimlarni rad etib, umrini yoshlarga mudarrislik qilish va xayrli ishlar koʻrish bilan oʻtkazdi.
Allohshukurning yoshi hali maktab yoshiga yetmasa ham u qishloqning obroʻli mullalaridan hisoblangan Mulla Izzatdan dars olar, shariat qonunlariga koʻngil berib, islom bilimlaridan bahra olardi. Keyinchalik esa Allohshukur dunyoviy taʼlim olish bilan birga diniy taʼlimini yuksaltirish uchun yashagan joyidan uzoqda boʻlgan Qur’onni, shariatni yaxshi biluvchi vaqtida Najafda, Mashhadda, Ardabilda mukammal taʼlim olgan olimlardan taʼlim olgan.
Qalbida Allohga muhabbat boʻlgan Allohshukur Taʼlim olish maqsadida bir necha yil mashaqqat bilan ishladi va nihoyat, maqsadi orqasidan Oʻzbekistonning Buxoro shahriga borib, oʻsha davrda diniy darslarning oliy taʼlim maskani hisoblangan, oʻrta asrlarda tamal toshi qoʻyilgan va qadimiy tarixga ega boʻlgan „Mir Arab“ madrasasiga oʻqishga kirdi. Diniy tayyorgarligi, muqaddas Qur’oni Karimni, shuningdek, arab va fors tillarini oʻrganishga qunt qilishi undan imtihon olgan olimlarni ham hayron qoldirdi. Allohshukur hali talaba boʻlishiga qaramay, bu voqea muqaddas yoʻlning boshlangʻichi edi. Hali oldinda koʻpgina mashaqqatlar bor edi. „Mir Arab“ madrasasida taʼlim olgan davrda mashaqqatli yoʻllarni bosib oʻtsa-da, bu Allohshukurni oʻz yoʻlidan qaytarmadi. Kunduzi taʼlim olib, kechalari esa tirikchilik qilish uchun ogʻir ishlarni bajargan bu oʻsmir talabaning yagona orzusi bor edi: mukammal diniy taʼlim olish. Allohshukur Poshozoda Qur’onni yaxshi oʻzlashtirish, uning tarixini, tafsir ilmini, fiqh va hadis ilmlarini chuqurroq oʻrganish uchun tahsilni davom ettirishi kerak edi. Shu sababli ham u „Mir Arab“ madrasasini muvaffaqiyat bilan yakunlagach, Imom al-Buxoriy nomidagi Toshkent Musulmonlar Idorasiga kirdi, u yerda taʼlim olish bilan birga Toshkent Universitetining Tarix fakultetida ham oʻqishni davom ettirdi.
Allohshukur Poshozoda kelajakning shayxulislomi sifatida Buxoroda taʼlim olgan davrda Sharq tillaridan boʻlgan arab va fors tillarini mukammal bilganidek, ingliz, rus va oʻzbek tillarini ham mukammal oʻrgandi. U ayni vaqtda oʻzbek xalqining hayotiga, tarixiga, madaniyatiga, odat-anʼanasiga katta qiziqishi bor edi. Taʼlimini muvaffaqiyat bilan yakunlagach, ona Vatanga — Ozarbayjonga qaytgan Allohshukur Poshozoda avval Shayxulislom Mulla Aliogʻa Sulaymonzoda (1885-1975) tomonidan 1975-yilda Kavkazorti Musulmonlar Idorasining mas’ul kotibi lavozimiga tayinlandi, uch yildan keyin esa „Tozapir“ masjidi muftiysi va Kavkazorti Musulmonlar Idorasi raisi muovini boʻldi. Yuksak savodi va muhokamalari, sof maʼnaviyati va insonlarga xizmat qilish qobiliyati, shuningdek, prinsipialligi bilan ajralib turuvchi oʻttiz yoshli Allohshukur Poshozoda 1980-yilda Kavkaz (Kavkazorti) Musulmonlar Idorasi raisi vazifasiga oʻtdi, Kavkazning eng yosh oʻn ikkinchi shayxulislomi sifatida katta va mas’uliyatli, ayni vaqtda sharafli lavozimga koʻtarildi.
Shayxulislom Allohshukur Poshozoda bu oliy va muqaddas diniy vazifaga tayinlangach, faoliyat doirasini yana-da kengaytirib, Kavkaz Musulmonlar Idorasini nafaqat Ozarbayjon va Kavkazda, balki butun dunyoda katta nufuzga ega boʻlgan tashkilotga aylantirdi. Uning koʻp martalik xorijiy safarlari, dunyoning moʻtabar diniy tashkilotlari rahbarlari va mufuzli din xodimlari bilan uchrashuvlari, ilmiy, diniy konferensiyalardagi chiqishlari bu tashkilotning dunyo miqyosida tanilishiga sabab boʻldi.
Shayxulislom Allohshukur Poshozoda bir qator xalqaro ilmiy va diniy tashkilotning — Umumdunyo Islom Kongressi Idora Hay’atining, Yevroosiyo Islom Kengashi Idora Hay’atining va boshqa bir necha nufuzli xalqaro tashkilotlar aʼzosidir. U 2004-yildan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Dinlararo Kengashining hamsadridir. Shayxulislom hazratlari, shuningdek, „Katolik-pravoslav mazhablararo aloqalar komissiyasi“ guruhi aʼzosi (2006), UNESCO qoshidagi Din xodimlarining oliy darajali mashvarat guruhi aʼzosi (2009), BMT Dinlararo Mashvarat Kengashi aʼzosi, Umumjahon Islom Kongressi, Umumjahon xalq rahbarligi, Umumjahon Sulh Kengashi, Yevroosiyo Islom Kengashi, „Vijdonga chaqiruv“ Xalqaro fondi va bir qator boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlarning rayosat hay’atlari aʼzosi, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti qoshidagi Amnistiya komissiyasi aʼzosi, Iordaniya Islom Madaniyati Qirol Akademiyasi haqiqiy aʼzosi (2001), Xalqaro Fiqh Akademiyasi haqiqiy aʼzosi, Xalqaro Fiqh Tashkiloti taʼsischilaridan biri (2008), Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi musulmon diniy liderlari Mashvarat Kengashi sadri (2009) va KAICIID Xalqaro Dinlararo va Madaniyatlararo Muloqot markazi hamsadridir (2017).
Shayxulislom Allohshukur Poshozoda 15-noyabr 1988-yilda sulhparvarlik faoliyatiga koʻra SSSRning Xalqlar doʻstligi ordeni bilan taqdirlandi. 1989-yilda SSSR xalq deputati, keyinchalik mustaqil Ozarbayjon deputati etib saylandi. Boku davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori. 1992-yil 7-sentabrda Checheniston poytaxti Grozniy shahrida oʻtkazilgan Kavkaz Uyi konferensiyasida Ozarbayjon, Dogʻiston, Kabarda-Balkariya, Gruziya, Ingushiya, Checheniston, Qorachoy-Cherkasiya, Adigeyning diniy xodimlari tomonidan Kavkaz xalqlari Oliy Diniy Kengashi sadri etib saylandi. 2003-yilda shayxulislomlik vazifasiga umrbod saylandi. Dunyoning eng nufuzli 500 musulmon shaxsiyatidan biri hisoblanadi. 1991-yilda Boku Islom Universitetini taʼsis etdi. Ashuro marosimlari vaqti qon berish aksiyasini boshlab berdi.
Shayxulislom Allohshukur Poshozoda tashabbusi bilan 2005-yilda „Shayxulislom ordeni“ taʼsis etildi. Bu ordenga sulh, tolerantlik, maʼnaviy qadriyatlarni asrab-avaylash va ularning taraqqiyoti yoʻlida katta xizmatlari uchun ilk marta Ozarbayjon xalqi Umummilliy lideri Haydar Aliyev loyiq koʻrildi.
Shayxulislom Allohshukur Poshozoda va Oʻzbekiston
Aʼzo boʻlgan tashkilotlari
Umumdunyo Islom Kongressi Idora Hay’atining, Yevroosiyo Islom Kengashi Idora Hay’atining va boshqa bir necha nufuzli xalqaro tashkilotlar aʼzosidir. 2004-yildan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Dinlararo Kengashining hamsadri, MDH musulmonlar Mashvarat Kengashi sadri etib saylangan. Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Dinlararo Kengashining hamsadri, „Katolik-pravoslav mazhablararo aloqalar komissiyasi“ guruhi aʼzosi (2006), * UNESCO qoshidagi Din xodimlarining oliy darajali mashvarat guruhi aʼzosi (2009), BMT Dinlararo Mashvarat Kengashi aʼzosi, Umumjahon Islom Kongressi, Umumjahon xalq rahbarligi, Umumjahon Sulh Kengashi, Yevroosiyo Islom Kengashi, „Vijdonga chaqiruv“ xalqaro fondi va bir qator boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlarning rayosat hay’atlari aʼzosi, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti qoshidagi Amnistiya komissiyasi aʼzosi, Iordaniya Islom Madaniyati Qirol Akademiyasi vaqtinchalik aʼzosi (1986) va haqiqiy aʼzosi (2001), Xalqaro Fiqh Akademiyasi haqiqiy aʼzosi, Xalqaro Fiqh Tashkiloti taʼsischilaridan biri (2008), Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi musulmon diniy liderlari Mashvarat Kengashi sadri (2009).
Ilmiy maqolalari
Kavkazda Islom Islomda shahidlik Milliy munosabatlar va din Islomda xalq va jamiyat.
Shayxulislom Allohshukur Poshozodaning diniy-ijtimoiy faoliyati 350px|right 350px|right
Shayxulislomlik darajasi tarixan musulmon dunyosida katta martaba hisoblangan. „Islom shayxi“, „musulmonlar oqsoqoli“, „musulmonlar boshchisi“ maʼnolari dagi „shayxulislom“ laqabi taniqli fiqh olimlari, mashhur soʻfiy murshidlariga berilgan. Soʻzma-soʻz „shayx“ xoja maʼnosida, „shayxulislom“ esa „Islom xojasi (muallimi)“, „diniy rahbar“ deganidir. Misr va Suriya mamluklari davrida eng moʻtabar muftiylarga „shayxulislom“ deyilgan. Safaviylar davlatida shayxulislom shoh tomonidan tayinlangan bosh qozilardan biri boʻlgan. Bir vaqtlar Istanbul muftiysi ham shayxulislom deb nomlangan. Usmoniylar davrida (XVI asrdan XX asr boshlarigacha) shayxulislom maqomi shunchalar yuksalib, obroʻsi koʻtarilganki, u nafaqat oliy salohiyatli din xodimi, din olimlarining boshchisi hamda moʻtabar davlat shaxslaridan biri hisoblangan. Saroyda eng katta marosimlarga shayxulislom rahbarlik qilgan, sultonni u dafn qilgan valiahddan qasamyodni u olgan va uni taxtga oʻtqizgan, qozilarni ham u tayinlagan. Xalifalik bekor qilinib, Turkiya Respublikasi tashkil topgach, bu mamlakatda shayxulislomlik lavozimi ham bekor qilindi. Lekin bir qator musulmon mamlakatlarida, shu jumladan, Kavkaz mintaqasida bu oliy maqom oʻzgarishlar bilan hozirgacha saqlanib qoldi.
Shayxulislom nomi musulmon oʻlkalarida XI asrdan eʼtiboran muomaladadir. Yuqori qayd qilinganidek, bu nom shariat huquqi ilohiyotchilariga, oliy islom xodimlariga berilgan faxriy tituldir va asosan, faqihlarga berilar edi. „Fiqh“ arab soʻzi boʻlib, lugʻaviy maʼnosi „bilmoq“, „tushunmoq“ demakdir. „Fuqe ha“ esa musulmon huquqini biluvchilarga, fiqh ilmi olimlariga nisbatan aytiladi. Aniqroq qilib aytganda, fiqhiy masalalar bilan shugʻullanuvchi, fiqhdan dars beruvchi va yoki faqat bu sohada muvofiq taʼlim olgan va fiqh jihatdan jamiyatning turli masalalari borasida muhokama yurituvchi shaxs faqih deb nomlanadi. Faqih dini taʼlimga rahbarlik qilish huquqi boʻlgani sababli bu sohada rahbarlik vazifasini bajaruvchi shayxulislom maqomi beriladi. Avvallar bu maqom asosan davlat rahbarlari maslahati, kafolati bilan din rahbarlariga berilardi. Soʻnggi yillarda esa shayxulislom bu maqomga saylov usuli bilan majlislarda saylanadi.
Shayxulislom nomi XIX asr boshlaridan eʼtiboran Kavkazortida Rossiya imperatori tomonidan shia jamiyati rahbariga berila boshlandi. Keyinchalik „Turkmanchoy“ shartnomasidan keyin Ozarbayjonning shimoliy qismini oʻz taʼsir doirasiga olgan chor Rossiyasi Kavkazda diniy masalalarni oʻz nazoratida va shia tariqatiga rahbarlik qilish uchun 1823-yilda shayxulislom vazifasini taʼsis etdi. Lekin koʻp oʻtmasdan chorizm 1832-yilda sunniy tariqatiga diniy rahbarlik uchun muftiy vazifasini ham taʼsis etdi.