Muhammad Fuzuliy ibn Sulaymon (toʻliq ismi: Muhammad ibn Sulaymon, tugʻ. 1494 — 1556) — oʻrta asrlar ozarbayjon shoiri, mutafakkir va faylasuf. Ozarbayjon va turk adabiyoti tarixida devon janrining eng mashhur va taniqli namoyandalaridan biri sifatida tanilgan. Bir qancha tazkiralarda Bagʻdodiy taxallusi bilan ham tilga olinadi. Manbalarda boshqa ismi Mulla Muhammad Bagʻdodiydir. Faqat shoir Bagʻdodda emas, uning yaqinidagi Karbalo shahrida tugʻilgani maʼlum. Ozarbayjon Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-may 211-son Qaroriga binoan Muhammad Fuzuliy Ozarbayjon Respublikasida asarlari davlat mulki deb eʼlon qilingan mualliflar roʻyxatiga kirgan.
Hayoti Muhammad Fuzuliy Ozarbayjonda mashhur boʻlgan turkiy elatli Bayot urugʻidandir. Baʼzi manbalarga koʻra,Muhammadning otasi Sulaymon Iroqqa, Ozarbayjonning Arash tumanidan koʻchib borgan. Keyinchalik shoirning oʻgʻli Fayzulloh Arashga qaytib, yaqin qarindoshlari yonida yashagan. U bu yerda oʻzining olimligi bilan katta shuhrat qozongan. Fuzuliyning oʻzi ham mukammal taʼlim olgan. Buni e;tiborga olgan tadqiqotchilar shoirning otasi oʻziga yarasha boy odamlardan boʻlgan deb hisoblashadi. Shuningdek, uning ziyoratgoh hisoblangan Hilla va Karbalo kabi shaharlarda yashashi Sulaymonning dindorlardan boʻlganidan dalolat beradi. Haqiqatdan ham Fuzuliyning otasi Hilla shahrining muftiysi boʻlgani haqida rivoyat bor. XI asrda Iroq Saljuqiylar, keyinchalik esa Moʻgʻullar va Temuriylar tomonidan bosib olingach, Bagʻdodda va uning atroflarida turklar soni ortib bordi. Bu vaziyat keyin ham davom etadi. 1508-yilda shoh Ismoil tantanali ravishda Bagʻdodga kirib, Iroqni Ozabayjonga qoʻshib oladi, keyinchalik esa 1534-yilda bu shahar uzoq muddat Usmoniylar imperiyasi tarkibida boʻladi. Shunday qilib, Fuzuliyning hayoti va ijodining ilk davrlari Iroqi-arabning Ozarbayjonning Safaviylar hokimiyatiga tobe boʻlgan yillariga toʻgʻri keladi. Dohiy Muhammad Fuzuliy 1556-yilda Karbaloda oʻlatdan vafot etadi. Shoirning qabri ham aynan Karbalodadir.
Ijodi thumb|left|SSSR pochta markasi (1958). Muhammad Fuzuliy boshlangʻich taʼlimini Karbaloda olgan, Bagʻdodda davom ettirgan. Bir muddat Iroqning Najaf va Hulla shaharlarida ham yashagan. Uning ustozi Vali Mammadzoda boʻlgan. Shaxsiy mutolaasi soyasida oʻrta asr fanlari (mantiq, tibbiyot, astrologiya, matematika va gumanitar fanlar), xususan, diniy-falsafiy oqimlar, arab tarjimalari asosida yunon falsafasi bilan yaqindan tanishgan, klassik turk, arab, fors va hind adabiyotini oʻrgangan.
„Bangu Boda“ („Nasha va may“) asarini Shoh Ismoil Xatoiyga bagʻishlaganiga, Shoh Tahmasbga va uning sarkardalariga, har bir hokimlarga, xonlarga qasidalar yozishiga qaramay, saroyga qiziqishi boʻlmagan.
Sulton Sulaymonga bir necha qasima taqdim etgan Fuzuliy Sulton qoʻshini bilan Bagʻdodga kelgan turk shoirlari Xayoliy va Yahyobey bilan uchrashgan, „Layli va Majnun“ (1537) asarini esa „Rum zariflari“ deb atagan bu ijodkorlarning iltimosiga koʻra qalamga olgan.
Fuzuliy uch tilda gʻazal, qasida, musaddas, tarkibband, tarjiʼband, ruboiy, qitʼa, murabbaʼ va g. yozgan. Falsafiy mohiyatga ega qasidalari, „Yetti jom“, „Anisul qalb“, „Sihat va Dard“ asarlari keksalik davri mahsullaridir. U qasidalarini alohida asar sifatida toʻplab, kitob shakliga slogan, turk, fors va arab tillarida devonlar tuzgan.
Nizomiy Ganjaviyning ilk bora yozma adabiyotga olib kelgan „Layli va Majnun“ mavzusining koʻpgina turk, fors, hind, oʻzbek va tojik shoirlari tomonidan qalamga olinishiga qaramay, Fuzuliyning ona tilida yaratgan asari originalligi bilan bu mavzuda avvalroq yozilgan poemalardan ajralib turadi.
Fuzuliy qadim yunon va Sharq falsafasi bilan tanish edi. Uning falsafiy qarashlari asosan arab tilida nasrda yozgan „Matla-ul eʼtiqod“ asarida oʻz aksini topgan. Fuzuliy bu yerda Aristotel, Platon, Empedokl, Demokrit va boshqa yunon faylasuflarining fikrlaridan, an-Nizomning falsafiy merosidan taʼsirlangan. Fuzuliyning boshqa asarlarida ham adabiy falsafiy fikrlarga duch kelish mumkin.
"Mani jondan oʻsondirdi, jafodan yor oʻsonmazmi…"
Mani jondan oʻsondirdi, jafodan yor oʻsonmazmi?
Falaklar yondi ohimdan, murodim shami yonmazmi?
Qamu bemorina jonon davoyi dard etar ehson,
Nechuk qilmaz manga darmon, mani bemor sonmazmi?
Shabi hijron yonar jonim, doʻkar qon chashmi giryonim,
Uyodir xalqi afgʻonim, qaro baxtim uyonmazmi?
Guli ruxsoringa qarshu go'zimdin qonli oqar su,
Habibim fasli guldir bu, oqar suvlar bulanmazmi?
Gaʼmim pinhon tutardim man, dedilar, yora qil ravshan,
Desam ul bevafo bilman, inonurmi, inonmazmi?
Dagildim man sanga moyil, san etding aqlimi zoyil,
Manga taʼn aylayan gʻofil, sani koʻrgach, oʻtonmazmi?
Fuzuliy rindi shaydodir, hamisha halqa rasvodir,
Koʻringkim, bu na savdodir, bu savdodan oʻsonmazmi?
Fuzuliy
Gʻazal, majnuni-dilpazindir
Yo Rab, baloyi-ishq ila qil oshno mani!
Bir dam baloyi-ishqdan etma judo mani!
Oz aylama inoyatini ahli-darddan,
Yani ki, koʻp balolarga qil mubtalo mani!
Oʻlduqcha man goʻturma balodan irodatim,
Man istaram baloni, chun istar balo mani!
Tamkinimni baloyi-muhabbatda qilma sust,
To doʻst tan etib demoqqa bevafo mani!
Ketdikcha husning ayla ziyoda nigorimin,
Keldikcha dardina battar et mubtalo mani!
Man qandanu mulozamati-eʼtiboru joh,
Qil gʻolibi-saodati-faqru fano mani!
Oʻyla zaif qil tanimni firqatida kim,
Vaslina mumkin oʻla keltirmak sabo mani!
Naxvat qilib nasib Fuzuliy kabi manga,
Yo Rab, muqayyad aylama mutlaq maʼno mani!
"Layli va Majnun", Fuzuliy
Fuzuliy oʻz sheʼrlarida, XVI asrgacha ozarbayjon turkchasida yozgan shoirlarning barcha yaxshi tajribalarini hisobga olib, uni buyuk jur’at va mahorat bilan rivojlantirgan. Kirikaning eng qimmatli namunalarini berish bilan Ozarbayjon, shuningdek, turkiy adabiyot tarixida yangi, juda katta va goʻzal maktab ochgan. Fuzuliy adabiy maktabi oʻzining maʼno mazmunan boyligi, badiiy yuksakligi bilan inson his va fikrlarining badiiy ensiklopediyasini tashkil etadi. Bu maktab sheʼrimizning sifatini soʻnggi darajada yuksak martabaga olib chiqish bilan cheklanib qolmagan. U Ozarbayjon turkchasining barcha goʻzalliklarini, imkon va qudratini porloq sur’atda namoyish ettirgan. Bu maktab klassik adabiyotdagi eskirgan qoida va normalarni yoʻq qilishda, rivojlanishga toʻsiq boʻluvchi klassik anʼanalarga jasur, ozod va epchillik bilan yondashishda buyuk tarixiy xizmat koʻrsatgan.
Fuzuliy Nasimiydan keyin ona tilda yaratilgan sheʼrning eng goʻzal namunalari boʻlgan asarlari bilan adabiy-badiiy tilni yangi yuksakliklarga olib chiqqan, klassik Ozarbayjon, shuningdek, boshqa turkiy xalqlar poeziyasiga kuchli taʼsir koʻrsatgan, adabiy maktab yaratgan. Uning asarlari Tabrizda, Bokuda, Istanbulda, Anqarada, Qohirada, Toshkentda, Buxoroda, Ashxobodda bir necha bor nashr etilib, dunyo sharqshunoslari tomonidan yuksak baholangan.
Muhammad Fuzuliy qamariy 963-yilda, milodiy 1556-yilda Karbaloda oʻlatdan vafot etib, oʻsha yerda dafn etilgan.
Layli va Majnun thumb|left|Tanho Majnun, XV asrda nomaʼlum rassom tomonidan chizilgan. Layli va Majnun afsonasi haqida koʻpgina poemalar yozilgan. Lekin Fuzuliyning „Layli va Majnun“ poemasi oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Muallif oʻsha davrning patriarxal madaniyatini, uning ob-havosini har tomonlama va ochiq-oydin ravishda izohlab bergan. Layli va Majnun timsolida insonga, hayotga va sevgiga yangi munosabat ifodalangan. Layli va Majnun yangi inson idealining, inson haqidagi yangi qarashlarning eski qarashlar va ziddiyat bilan toʻqnashuvini aks ettiradi. Bu toʻqnashuv eski qarashlarning, tushunchalarning tarix sahnasidan chiqish vaqti yaqinlashganini koʻrsatadi. Lekin bu eski qarashlar hali shuurlardan oʻchmagan. Unga qarshi har bir chiqish, har bir harakat ahmoqlik, beaqllik, majnunlik hisoblanadi. Xoh qiz, xoh oʻgʻil farzand kimnidir tanlashi, kimnidir yoqtirishi hali ham ota haqlarini toptalash, davrning odat-anʼanalariga qarshi borish sifatida qabul qilinadi.
Asar bilan yaqindan tanish boʻlganlar Layli va Majnun muhabbati maktabdan boshlanganini biladi. Bu hech ham tasodif emas. Yaʼni komillik, ijtimoiy munosabatlar tizimining rivoji ayol va erkak munosabatlarining yoʻlga qoʻyilishi uchun ilm va taʼlim zaruriy shartlardan biridir. Ular bir-birini faqat maktabda koʻrishadi va bu muhabbatga, oʻzaro munosabatga ana shu yerda yana-da yaqinlashishadi. Majnunning iztirobi, hasrati Laylining maktabdan ketishi bilan boshlaydi. Albatta, Fuzuliyning komil inson, shaxsiyat timsolida yaratgan inson obrazi Layli va Majnun munosabatlarida qoʻygan konsepsiyasini va uning gender munosabatlarining asosini tashkil etadi. Ham Majnun, ham Layli ayni ijtimoiy statusga egadirlar. Yaʼni har ikkisi qabila boshliqlarining yagona farzandidir, mol-mulk jihatdan ham bir xil boylikka egadirlar. Ammo Laylining otasi qizini bunday boy oilaga berishni istamaydi. Shubhasiz, bu yerda asosiy masala Qaysning insoniy munosabatlarga, muhabbatga, oila qurishga tegishli oʻziga xos jihatlarga ega boʻlishidadir. Uni tushuna olmaganlari yoki qabul qilmaganlari uchun Qays Majnunga aylandi. Bu „majnunlik“ inson sevgisidan, insonning insonga boʻlgan munosabatidan paydo boʻladi. Shuning uchun ham u oʻzini sahroda, hayvonlar orasida yaxshiroq his qilardi.
Layli Majnunga joʻnatgan maktubida oʻzining huquqdan mahrumligi, qul, buyum kabi olinib sotilishini bildirib shunday deydi:
Men gavharman, oʻzgalar xaridor,
Menda emas ixtiyori-bozor,
Davronki, meni mazoda soldi,
Bilmam kim edi sotgan, kim oldi,
Oʻlsaydi manim oʻz ixtiyorim,
Oʻlmasdi sendan oʻzga yorim.
"Layli va Majnun", Fuzuliy
Bu yerda ayolning ozod tanlov huquqining tortib olinishi oshkor boʻladi. Fuzuliy bu bilan Islom dinining ayolga bergan tanlov huquqini talab etadi va bu uchun insonlarni ilohiy haqiqatga amal qilishga chorlaydi. Dunyoda hokim odat-anʼana va tushuncha tarsi ayolga maʼnaviy erkinlik bermas, ayol qalbining ovozini eshitishni istamasdi.
Asar patriarxal madaniyatning bir namunasi sifatida ham baholanishi mumkin. Bu yerda ayollar har bir harakatlarida juda ehtiyotkorlik bilan harakat qiladilar. Laylining Majnunga boʻlgan muhabbatini eshitgan ona ham bu hayajon va qoʻrquv dahshatini his qiladi. Va u buni Layliga qilgan nasihatlarida ochiq bildiradi:
Kayshoʻx, nedir bu goʻftugular?
Qilmoq sanga taʼna aybchilar?
Nechun oʻzingga ziyon etursan?
Yaxshi nomingni yomon etursan?
Nechun sanga taʼna etar badyu?
Nomusingga loyiq ishmidir bu?
"Layli va Majnun", Fuzuliy
Ayol ozodligi hayo, ibo, nomus, iffat jilovlari bilan pardalangan boʻladi. Asarda ayolning oʻz istagini tilga olishi, erkin oila qurish orzusi bilan yashashi ham odob-axloqdan uzoq deb hisoblanadi. Asosiy fojia shundaki, Layli oʻz huquqi yoʻlida qisman boʻlsa ham kurash olib borsa-da, atrofida oʻziga hamdam topilmasligi sababli natijaga erisha olmaydi. U atrofdagilar tomonidan tushunilmasligi sababli dardini sham bilan, parvona bilan, oy bilan, bulut bilan, tuya bilan boʻlishishga majbur boʻladi. Layli oʻzini jilovi boshqasining qoʻlida boʻlgan tuyaga oʻxshatadi:
Men kabi yoʻq qoʻlda ixtiyoring,
Bir oʻzga qoʻlidadir mahoring.
"Layli va Majnun", Fuzuliy
Fuzuliy qalamga olgan sevgi dostonida bosh qahramonlarning — Layli va Majnunning komil surati bilan birga epizodik obrazlar ham berilgan. Yoshlarning ota-onasidan tashqari Nofel, Ibn Salom, Zayd kabi ikkinchi darajali obrazlar, bu yoki boshqa darajada voqealar rivojida qatnashgan Soqiy, Gardun, ohu, kabutar, sham, oy va boshqa allegoric obrazlar berilgan. Bu obrazlarning xarakterida asosiy jihat, asosiy kayfiyat sof muhabbat, sevgiga sadoqat masalasidir. Butun boshqa masalalar ikkinchi, uchinchi darajada qoladi.